“Uzbekistan Airways”ni xususiylashtirish jarayoni boshlandi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi UzAirways AJni xususiylashtirish strategiyasini ishlab chiqish uchun professional konsalting kompaniyasini qidirmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 21 avg — Sputnik. Hukumat Uzbekistan Airways’ni xususiylashtirish jarayonlarini boshladi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi konsultant tanlab olinilishi yuzasidan tanlov e’lon qildi.
Barcha qiziqish bildirgan mahalliy va xorijiy talabgorlardan taklif taqdim etish uchun so‘rovnomaga asosan tijorat takliflarini 17-sentabr kuni soat 18:00 (Toshkent vaqti bilan)ga qadar taqdim etish so‘ralgan.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi tarmog‘ida aktivlarni xususiylashtirish quyidagi maqsadlarga erishishga qaratilgan:
tarmoqda raqobatni rivojlantirish va unda davlat ishtirokini qisqartirish;
tabiiy, moliyaviy, texnik va mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish;
tarmoqni rivojlantirish uchun xususiy investitsiyalarni jalb qilish hajmini ko‘paytirish.
Kompaniya “O’zbekiston havo yo’llari” milliy aviakompaniyasi xizmat ko‘rsatish belgisi va savdo belgisining mutlaq huquqiy vorisi hisoblanadi.
2021 yil yakuniga ko‘ra, kompaniya 6,3 trillion so‘m miqdoridagi sof tushumga, 53,7 milliard so‘m miqdoridagi sof foydaga, 4,2 trillion so‘m miqdoridagi ustav kapitaliga ega.
“Uzbekistan Airways” — O‘zbekiston aviatsiyasi va xalqaro qoidalarining nizomiga muvofiq yo‘lovchilarni va har qanday turdagi pochtalarni havo kemalari orqali tashish bo‘yicha xizmatlarni taqdim etadi.
Kompaniya 50 nafardan ortiq belgilangan yo‘nalishlarda, jumladan Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerika mamlakatlariga muntazam ravishda reyslarni amalga oshiradi. Aviakompaniyaning vakolatxonalari 20 dan ortiq dunyo shaharlarida faoliyat ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, prezident qarori bilan 2022-yil 1-sentabrga qadar “Uzbekistan airways” AJ ustav kapitalidagi 51 foiz va undan yuqori miqdordagi davlat ulushini savdoga chiqarish, shu jumladan, aksiyalarini ommaviy joylashtirish (IPO) ishlarini boshlash belgilangan.