Tarvuz yetarli darajada pishmagan yoki uni yetishtirishda kimoviy o‘g‘itlardan ko‘p foydalanilgan bo‘lsa, salomatlik uchun jiddiy xavf tug‘dirishi turgan gap.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati sanitariya-gigiyena boshqarmasi boshlig‘i A.Shukurov dorilangan tarvuz nimasi bilan xavfli ekani, undan zaharlanmaslik uchun nimalarga e’tibor qaratish lozim haqida tavsiya berdi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, tarvuzning tarkibi 92 foiz suvdan iborat va u kaliy va magniyga boy. Shu sababli u asab tizimi va miya faoliyatiga ijobiy ta’sir etadi.
Tarvuzning antioksidantlik xususiyati yuqori bo‘lib, tarkibidagi A, V darmondorilari va kartonoid yallig‘lanish va erta qarishga to‘sqinlik qiladi. Ayniqsa, tarvuz onkologik va yurak-qon tomir tizimi kasalliklarining oldini olish, hazm faoliyatini yaxshilash va moddalar almashinuviga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan yanada foydali.
Shifokor tarvuz sotib olayotgan payt uning bus-butunligiga, chirimaganiga va kimoviy o‘g‘itlar bilan meyordan ortiq to‘yintirilmaganiga e’tibor qaratish kerakligini qayd etdi.
“Xususan, tarvuz xarid qilayotganda, eng avvalo, sotuvchidan mahsulot manbai, uning sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi tegishli ruxsatnomani talab qilishi lozim. Shu bilan birga, mahsulotning buzilmaganiga ishonch hosil qilish zarur. Negaki, ushbu rezavorning qizil mag‘zida mikroblar juda tez tarqaladi. Tabiiy pishgan tarvuz chertib ko‘rilganda jarangdor ovoz chiqib, uning po‘stini osongina tirnash mumkin. Agar mahsulotning bandi qurigan bo‘lsa, bu uning yaxshi pishganidan dalolat”, - deydi Shukurov.
Tarvuz holatining yana bir muhim ko‘rsatkichi qizil qismidagi tomirlar rangidir. Agar ular sariq yoki binafsha tusda bo‘lsa, bunday mahsulotdan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki u to‘liq pishmagan yoki nitratning ta’siri bo‘lishi mumkin. Qolaversa, tarvuz ustidagi chiziqlar aniq va bir-biri bilan aralashib ketmagan bo‘lishi kerak. Xiralashgan chiziqlar uning nitrat bilan to‘yinganidan dalolat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tabiiy pishgan tarvuz suvga solinganda uning ustiga qalqib chiqadi. Azotli o‘g‘it bilan to‘yingani esa aksincha suv ostiga cho‘kadi. Agar bo‘laklanganda qiyshiq emas, to‘g‘ri kesilsa, bu holat ham uning kimoviy moddalarga to‘yinganligining belgisidir.
Tarkibida nitrat moddasi meyordan ortiq bo‘lgan tarvuz iste’mol qilinganda, uning noxush belgilari 4-6 soatdan keyin paydo bo‘ladi.
Xususan, ko‘ngil aynishi, qusish, diareya, qorin va bosh og‘rig‘i, 38-39 darajagacha isitma ko‘tarilishi, yurak urishining sekinlashishi hamda qo‘l-oyoqlarning sovuq qotishi kabi alomatlar kuzatilganda darhol shifokorga murojaat qilish lozim. Chunki bu — tarvuzdan zaharlanish belgilari bo‘lishi mumkin.