TOShKENT, 21 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning Mardin va Gaziantep provinsiyalarida yuz bergan yo‘l harakati hodisalari oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan prezident Rejep Tayyip Erdog‘anga ta’ziya maktubi yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi ma’lum qildi.
“Davlatimiz rahbari marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi, jarohatlanganlar tezda sog‘ayib ketishini tiladi”, - deyiladi xabarda.
Turkiya janubida avtobus to‘xtab turgan tez yordam mashinasi, o‘t o‘chirish mashinasi va “Ihlas” axborot agentligi avtomobiliga kelib urildi. Ular ilgari ro‘y bergan YTH joyida turishgandi. Avariya 16 kishining umriga zomin bo‘ldi, yana 22 kishi jabrlandi.
Keyinroq Mardin provinsiyasida yuk mashinasi tormoz ishlamay qolgani sabab olomonni bosib ketdi. Natijada 19 kishi halok bo‘ldi.