TOShKENT, 19 avg — Sputnik. Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi Xotin-qizlar forumi o‘z ishini boshladi.
Forumda tashkilotga a’zo 8 ta davlat, xususan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston to‘g‘ridan-to‘g‘ri, Hindiston va Xitoyning yetakchi xotin-qizlari esa onlayn ishtirok etmoqda.
Tanzila Norboyevaning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning ShHTga raisligi doirasida tegishli hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha istiqboldagi rejalarni belgilashga bag‘ishlab 80 dan ortiq siyosiy, iqtisodiy hamda madaniy tadbirlar o‘tkazildi.
Senat raisi shuningdek, O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va konstruktiv tashqi siyosiy strategiyasi oxirgi besh-olti yil ichida ShHT faoliyatida ham yaqqol o‘z ifodasini topayotganini alohida ta’kidladi.
“O‘zbekiston ShHTning ulkan salohiyatini transport va logistika, innovatsion va raqamli taraqqiyot, madaniy va xalqchil diplomatiya singari amaliy jihatdan muhim sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirish zaruratini ochiq-oydin bayon etib kelmoqda”, deydi Tanzila Norboyeva.
Eslatib o‘tamiz, forum ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida barqaror rivojlanish maqsadlarining eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish va gender tengligini ta’minlash, tashkilot makonida ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish sohasida tajriba almashish maqsadida o‘tkazilmoqda.
Tadbir davomida biznes-konferensiya, ayol tadbirkorlar ishtirokida B2B muhokamalar, milliy an’analarni namoyon etuvchi ko‘rgazmali dasturlar tashkil etiladi.