TOShKENT, 19 avg — Sputnik. O‘zbekiston Saudiya Arabistonining eng yirik — Qirol Abdulaziz universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Bu haqida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga amalga oshirgan ikki kunlik davlat tashrifi davomida ikki davlat olimlari hamkorligida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, olimlarni stajirovkalarga yuborish va o‘zaro tajriba almashish masalalari bo‘yicha ham kelishib olindi.
Qirol Abdulaziz universiteti bilan hamkorlikda yangi markaz tashkil etish taklifi muhokama etildi.
“Universitet delegatsiyasi Toshkentda oktabr oyida bo‘lib o‘tadigan InnoWeek-2022 innovatsion g‘oyalar haftaligiga tashrif buyurganida, markaz tashkil etish masalasi batafsil muhokama etiladi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Qirol Abdulaziz universiteti 1967-yilda Jidda shahrida xususiy universitet sifatida tashkil etilgan. Keyinchalik, 1974-yilda u davlat universitetiga aylantirildi. Universitetda muhandislik, iqtisod va menejment, huquq, tibbiyot kabi fakultetlar mavjud.