TOShKENT, 19 avg — Sputnik. Bugun “ARMIYa–2022” xalqaro harbiy-texnik forumi va Xalqaro armiya o‘yinlari qo‘shma matbuot markazida OAV vakillari uchun har kungi brifingda “Armiya o‘yinlari-2022” bosh hakami, general-polkovnik Aleksandr Lensov musobaqaning oltinchi kuni natijalarini ma’lum qildi.
“Kecha, 18-avgust kuni “Ot marafoni” musobaqasining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi, 23ta tur bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi. O‘yin maydonchalariga kun davomida 155 mingdan ortiq tomoshabin tashrif buyurdi”, — dedi o‘yinlar bosh hakami.
O‘zbekistonda yakuniga etgan “Otlar marafoni” musobaqasida Mo‘g‘uliston chavandozlari eng yaxshi deb topildi, Rossiya va O‘zbekiston ikkinchi, Zimbabve terma jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
Vyetnam poytaxtida “Avariya hududi” avariya-qutqaruv guruhlari musobaqasi yakunlandi. Shohsupaning eng yuqori pog‘onasini Rossiya va Vyetnam bo‘lishdi. “Kumush”ni Belarus, “bronza”ni esa Mali terma jamoasi qo‘lga kiritdi.
Kabardino-Balkar Respublikasining Terskol qishlog‘ida o‘tkazilayotgan “Elbrus halqasi” tog‘li bo‘linmalari birinchi bosqichi musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Bugungi kunda Rossiya yetakchilik qilmoqda, undan keyin O‘zbekiston va Xitoy.
Sankt-Peterburgda “Harbiy tibbiy estafeta” musobaqasi davom etmoqda. “Individual mahorat” bosqichining to‘rtinchi mashqini yakunlaganidan so‘ng kuchli uchlik o‘zgarishsiz qoldi – Rossiya, O‘zbekiston va Belarus.
Armanistonda “Jahon jangchisi” tanlovida “Erudit” ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Birinchi o‘rinni Belarus, ikkinchi o‘rinni Rossiya, uchinchi o‘rinni Qozog‘iston egalladi.
Belarusning Brestskiy poligonida bo‘lib o‘tayotgan “Qutb yulduzi” maxsus bo‘linmalari musobaqasida 13 ta mashg‘ulot natijalariga ko‘ra Belarus jamoasi yetakchilik qilmoqda, undan keyin Rossiya va O‘zbekiston.
O‘zbekiston “Forish” poligonida “Qurol ustasi” musobaqasida ishtirok etayotgan jamoalar 23 mm kalibrli ZU-23 zenit qurolini ta’mirlash bo‘yicha bahslashdi. Ikki bosqich yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston mutaxassislari yetakchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Rossiya harbiy xizmatchilari ikkinchi natijani ko‘rsatmoqda.
Qozog‘iston Respublikasida “Tungi sprint” – “Artilleriyadan otish ustalari” tanlovining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Joylar quyidagicha taqsimlandi: Qozog‘iston, Rossiya, Ozarbayjon.
Alohida ta’kidlash joizki, Rossiyaning g‘avvoslar jamoasi 2021-yil natijasini 5 daqiqa 6 soniyaga yaxshilagan holda yangi rekord o‘rnatdi.
“Dastlabki natijalarga ko‘ra, ayni damda umumjamoa hisobida Rossiya peshqadam, Belarus va O‘zbekiston uchinchi o‘rinda, – dedi Xalqaro armiya o‘yinlari bosh hakami.
Brifing so‘ngida O‘zbekistondan Armiya o‘yinlari bosh hakamlar hay’ati a’zosi polkovnik Rahmatullo Rahmonov, Armiya bosh hakamlar hay’atining Jazoirdan vakil, polkovnik Mohamed Ikerban, shuningdek, video-konferensiya aloqa orqali – “Sodiq do‘st” (O‘zbekiston) va “Tartib posboni” (Rossiya) tanlovlari bosh hakamlari so‘zga chiqishdi.