TOShKENT, 19 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ikki muqaddas masjid xodimi – Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudni mamlakatning yuksak mukofoti – “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud
© O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati
Ma’lumki, ushbu orden yaqinda, O‘zbekiston Respublikasining 15-avgustdagi qonuniga muvofiq ta’sis etilgan.
U bilan ilm-ma’rifatni rivojlantirish, islom olami mutafakkirlari merosini o‘rganish va keng targ‘ib qilishdagi alohida xizmatlari uchun olimlar, tadqiqotchilar, adiblar, shuningdek xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari mukofotlanadi.
Salmon bin Abdulaziz ushbu mukofotga sazovor bo‘lgan birinchi inson bo‘ldi.