Erdog‘an Zelenskiyga Putin bilan uchrashuv tashkillashtirishni taklif qildi

Erdog‘an: Sochiga tashrifim chog‘ida Putinga aytganimdek, janob Zelenskiyga ham ular o‘rtasida uchrashuv o‘tkazishimiz mumkinligini eslatdim.
Sputnik
TOShKENT, 19 avg — Sputnik. Turkiya prezidenti Rajab Tayyip Erdog‘an Lvovdagi muzokaralar chog‘ida Vladimir Zelenskiyga Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan Turkiyada uchrashuv o‘tkazishni taklif qilganini aytdi.
Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvning asosiy mavzusi fevral oyidan beri davom etayotgan mojaro bo‘lgan.
“Biz janob Zelenskiy bilan ikki tomonlama munosabatlarimizning barcha jabhalarini muhokama qildik. Men birdamligimiz va Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlashimiz davom etishini yana bir bor ta’kidladim. Sochiga tashrifim chog‘ida Putinga aytganimdek, janob Zelenskiyga ham ular o‘rtasida uchrashuv o‘tkazishimiz mumkinligini eslatdim”, dedi Erdog‘an Lvovdan qaytgach, samolyotda jurnalistlarga.
Uning so‘zlariga ko‘ra, uch tomonlama uchrashuvda (Erdog‘an, Zelenskiy va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish) Ukraina g‘allasini eksport qilishni osonlashtirish bo‘yicha ko‘rilishi mumkin bo‘lgan qadamlar muhokama qilingan. Bundan tashqari, Turkiya prezidenti Putin bilan Zaporojye atom elektr stansiyasidagi vaziyatni muhokama qilmoqchi ekanligini qo‘shimcha qilgan.
24 fevraldan beri Rossiya Ukrainada harbiy operatsiya o‘tkazmoqda, Vladimir Putin bundan maqsadni “sakkiz yil davomida Kiyev rejimi tomonidan bezorilik va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilish” deb atagan. Mudofaa vazirligi armiya birinchi bosqichning asosiy vazifalarini allaqachon bajarganini xabar qilgan - bu Ukraina Qurolli kuchlarining jangovar salohiyatini sezilarli darajada pasaytirgan.