Bugun Putin Toqayev bilan uchrashadi

Ular Rossiya-Qozog‘iston strategik sheriklik va hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilishi kutilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 19 avg — Sputnik. Bugun Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Sochi shahrida Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, muzokara o‘tkazadi. Bu haqda Kreml saytida xabar berildi.

“2022 yilning 19-avgust kuni Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin Sochida Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan uchrashadi. Yuqori darajadagi muntazam muloqotni davom ettirishda Rossiya-Qozog‘iston strategik sheriklik va hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan”, - deyiladi xabarda.

Shuningdek, davlat rahbarlari integratsiya birlashmalari, jumladan, Qozog‘iston joriy yilda raislik qilayotgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalasiga ham to‘xtalib o‘tadi.