O‘zbekiston Kobul masjidida shom namozi vaqtida sodir etilgan teraktni qoraladi

Kobul shimoli-sharqidagi masjidda ro‘y bergan portlash oqibatida 21 kishi halok bo‘lgan
Sputnik
TOShKENT, 18 avg — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 17-avgust kuni Afg‘onistonning Kobul shahridagi masjidlardan birida sodir etilgan portlash yuzasidan bayonot bilan chiqdi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Kobuldagi masjidlardan birida shom namozi vaqtida sodir etilgan portlash oqibatida ko‘p sonli insonlar halok bo‘lgani va jarohatlangani haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qilgan.
“Mazkur terrorchilik xurujini qat’iy qoralaymiz hamda ushbu vahshiyona xatti-harakatning tashkilotchilari va ijrochilarini aniqlash bo‘yicha barcha choralar ko‘rilishiga umid qilamiz”, - deyilgan xabarda.
Vazirlik halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan va jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilagan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Kobul shimoli-sharqidagi masjidda ro‘y bergan portlash oqibatida 21 kishi halok bo‘lgan. Kamida 40 kishi jarohat olgan.