Toshkentda Sergey Poluninning “Satori” baleti namoyish etiladi

“Satori” baleti premyerasi kuz oyida Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri sahnasida bo‘lib o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 17 avg — Sputnik. Poytaxtda 25—26-sentabr kunlari taniqli raqqos Sergey Polunin rahbarligidagi mashhur “Satori” baletining premyerasi taqdim etiladi. Bu haqida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi xabar berdi.
“Jamg‘arma tomonidan tashkil etilayotgan “Satori” baletining premyerasi Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri sahnasida namoyish etiladi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Satori buddaviycha atama bo‘lib, “uyg‘onish”, “o‘zlikning asl tabiatini ilg‘ash” ma’nolarini anglatadi. Satori baleti bu raqslardagi modernizmdir. Dasturda Sergey Polunin xalqaro darajadagi iqtidorli ijrochilar guruhini jamlagan.
Hayot so‘qmoqlari hamda inson kamoloti to‘g‘risidagi sahna asarini yaratish g‘oyasi “Cirque du Soleil” rejissori Gabriyel Marsel del Vekkio ijod mahsuliga mansub. Sahnalashtiruvchi muallif – Devid Lashapel.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda 8-sentabr kuni dirijor Vladimir Spivakov boshchiligidagi Rossiya Milliy filarmoniya orkestrining konserti bo‘lib o‘tishi ma’lum qilingandi. Tadbirda Genrik Ibsenning “Per Gunt” dramasi musiqasidagi mashhur suita va Norvegiya mumtoz san’at arbobi Edvard Grigning lya minor orkestri fortepiano konserti ijro etiladi.