TOShKENT, 17 avg — Sputnik. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar norasmiy kuryerlik xizmatlarida ishlamaslikni so‘rab, ogohlikka chaqirdi.
Agentlik xabariga ko‘ra, Rossiyada taqiqlangan moddalar solingan buyurtmalarni yetkazib berish takliflari ko‘paygan. O‘zbekiston fuqarolari orasida internet orqali katta miqdordagi pul evaziga mahsulotlarni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib berish haqidagi e’lonlar bo‘yicha muammolar yuzaga kelmoqda.
“Murojaatlardan ma’lum bo‘lmoqdaki, norasmiy kuryerlik xizmatlarida narkotik yoki taqiqlangan moddalar solingan buyurtmalarni yetkazib berish (zakladka) taklif qilinmoqda va buning oqibatida politsiya xodimlari tomonidan kuryerlar ushlanib, jinoiy javobgarlikka tortilmoqda”, - deyiladi xabarda.
Agentlik fuqarolardan norasmiy kuryerlik xizmatlarida ishlamaslikni, katta miqdordagi pul evaziga shubhali buyumlarni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib bermaslikni yoki mahsulotni albatta tekshirishni so‘ragan.
Qayd etish joizki, Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, narkotik moddalarni sotish yoki yetkazib berish uchun uzoq muddatli qamoq jazosi belgilangan.