TOShKENT, 17 avg — Sputnik. Xitoy hukumati Rossiya prezidenti Vladimir Putinning AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tayvan oroliga tashrifini “sarguzasht va provokatsiya” deb atagan bayonotini yuqori baholaydi. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Van Venbin brifing chog‘ida ma’lum qildi.
“Xitoy prezident Putinning so‘zlarini yuqori baholaydi”, dedi Venbin.
Yagona Xitoy tamoyilini tan olgani uchun Putinga alohida minnatdorlik so‘zlari ham aytildi.
Bir kun avval Rossiya rahbari Xalqaro xavfsizlik bo‘yicha X Moskva konferensiyasi ishtirokchilari va mehmonlariga murojaati chog‘ida Pelosining Tayvanga tashrifini sarguzasht va provokatsiya – Vashingtonning mintaqada va dunyoda “vaziyatni beqarorlashtirish va tartibsizlik qilish” bo‘yicha maqsadli va ongli strategiyasining bir qismi deb atagandi.