TOShKENT, 17 avg — Sputnik. O‘zbekistonda mahallalarni rivojlantirish uchun alohida jamg‘armalar tashkil qilinadi. Bu haqida prezident tomonidan qabul qilingan PQ–353-sonli qarorda nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, jamg‘armalar har bir mahallada tashkil etiladi. Ularga mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish vazifasi yuklatilmoqda.
Jamg‘arma mablag‘lari mahalladagi ichki yo‘llar, elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlari, ichimlik va oqova suv tizimini ta’mirlash va tiklash uchun yo‘naltiriladi.
Jamg‘armalar mablag‘lari quyidagilardan shakllantiriladi:
mahalladagi 2 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat obyektlarini sotishdan tushadigan mablag‘lar;
mahallaning mol-mulkini ijaraga berishdan olinadigan mablag‘lar;
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari qarorlariga asosan mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan ajratiladigan mablag‘lar;
mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun mahalliy budjetdan ajratiladigan mablag‘lar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlarning texnik ko‘mak mablag‘lari (kredit, grant, beg‘araz yordam va boshqalar).
2023 yil 1-yanvargacha har bir mahallaning aniq chegaralari belgilanadi.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning PQ–331-sonli qarori bilan respublikadagi jami 421 ta mahallada yuridik shaxs maqomiga ega sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik mikromarkazlari ham tashkil etiladi.
Mikromarkazlarni tashkil qilish uchun davlat mulki obyektlari va yer tadbirkorlarga 5-yil muddatga ijaraga beriladi.