TOShKENT, 16 avg — Sputnik. Magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlar har o‘quv yilining 15-sentabrigacha o‘zi o‘qiyotgan oliy ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza bermasa, ularning kontrakt puli davlat budjetidan qoplab berilmaydi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, davlat OTMlarining magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilingan va o‘qiyotgan xotin-qizlarga bazaviy to‘lov-kontrakt (stipendiyasiz) summalari to‘liq to‘lab beriladi. Buning uchun talabgorlar o‘zlari ta’lim oladigan OTM rektori (filial direktori) nomiga 15-sentabrga qadar ariza bilan murojaat qilishi kerak.
Shu asosda rektorlar (filial direktorlari) har yili 15-oktabrgacha tegishli buyruqni qabul qiladi. 15-sentabrdan keyin berilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi va to‘lov-kontrakt summalari qoplab berilmaydi.
Bu tartib davlat oliygohlari bilan birga, quyidagilarga nisbatan ham tatbiq etiladi:
Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi;
Bosh prokuratura Akademiyasi;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi;
Bank-moliya akademiyasi.
Shuningdek, bu tartib nodavlat OTMlar va xorijiy OTMlarning O‘zbekistondagi filiallarida magistratura bosqichida tahsil olayotgan talaba xotin-qizlarga nisbatan tadbiq etilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022-yilning 7-martidagi farmoniga muvofiq, 2023-yildan boshlab O‘zbekistondagi davlat oliy ta’lim muassasalarida magistraturada o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qoplab beriladi va bunga har yili kamida 200 milliard so‘m ajratiladi.