G‘alabaning katta-kichigi bo‘lmaydi – murabbiy Jonxo‘rozov

O‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida qit’a chempioni unvoniga sazovor bo‘lgan yunon-rum kurashchi Shahzod Ro‘zioxunovning murabbiyi sportchilarni qo‘llab-quvvatlash qanchalik muhimligi haqida so‘zlab berdi.
Sputnik
TOShKENT, 16 avg — Sputnik. Qirg‘izistonning Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha o‘smirlar (U 17) o‘rtasidagi Osiyo chempionatida qit’a chempioniga aylangan Shahzod Ro‘zioxunov Italiyaning Rim shahrida o‘tkazilgan chempionatda kumush medalni qo‘lga kiritdi. Sputnik sportchining murabbiyi Valijon Jonxo‘rozov bilan chempionlik sari sportchilar qanday yo‘llarni bosib o‘tish haqida suhbatlashdi.
Shaxzod Ro‘zioxunov
“Har bir murabbiy uchun o‘z shogirdlarini chempionatga olib borish bu katta imtihon desam bo‘ladi. Bu yil men ikkita imtihondan muvaffaqiyatli o‘ta oldim. Bittasi Qirg‘izistonning Bishkek shahridagi chempionat bo‘lsa, ikkinchisi Italiyaning Rim shahridagi jahon chempionati bo‘ldi”, - deydi Jonxo‘rozov.
Italiya poytaxti Rim shahri erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha o‘smirlar (U 17) o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qildi. Unda o‘zbekistonlik o‘smir sportchilar ham ishtirok etishdi.
45 kg vaznda Shahzod Ro‘zioxunov 1/4 finalda ozarbayjonlik Huseyn Savadovni 11-3, 1/2 finalda ruminiyalik Ionut Mereutani 9-0 hisobida dog‘da qoldirdi. Oltin medal uchun ukrainalik Yevgen Pokovbaga 0-9 hisobida imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan kifoyalandi.
“Kurash tugaganida Shahzodni biroz tushkunroq holatda, ko‘zida yosh bilan ko‘rdim va darrov unga dalda berishga urindim. “Axir g‘alabaning katta-kichigi bo‘lmaydi, muhimi sen yurtimiz bayrog‘ini yana bir pog‘onaga ko‘tarding”, deya faxr bilan so‘zladim. Shunda uning qalbida taskin paydo bo‘ldi va ko‘zlarida ishonch uyg‘ondi. Shahzod hali yosh, oldinda uni ko‘p medallar kutib turganiga shubham yo‘q”, - deya ishonadi murabbiy.
Murabbiy sportchilarni har qanday holatda, xoh g‘alaba bo‘lsin, xoh mag‘lubiyat, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga dalda berish, ular ruhini ko‘tarish muhim ekanini qayd etdi.
Shaxzod Ro‘zioxunov
Rimdagi jahon chempionatini o‘zbekistonlik yunon-rum kurashchilari 1 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza medali bilan yakunlashdi.
Jumladan, 51 kg vazn toifasida kurashgan Aytjan Xalmaxanov oltin medalni qo‘lga kiritib, jahon chempioniga aylandi. Shahzod Ro‘zioxunov kumush, Xurshidbek Normuhammadov, Behruzbek Barnoyev esa bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.
Shaxzod Ruzioxunov i Valijon Jonxurozov
“Hozirda Shahzod bilan keyingi yili Germaniyaning Berlin shahrida o‘tkaziladigan 2023-yilgi Maxsus Olimpiadaning butunjahon yozgi o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz”, - dedi Jonxo‘rozov.

“Yurtimga oltin medalni sovg‘a qilaman”

Erkin, yunon-rum bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempioni Shahzod Ro‘zioxunovning o‘zi jahon chempionatidagi bahslari taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Barcha raqiblarim kuchli edi, ayniqsa finaldagi ukrainalik Yevgenning taktikasi va tezligi meni lol qoldirdi. Men yutqazmadim, aksincha katta tajriba to‘pladim, deb o‘ylayman. Hali o‘z ustimda ko‘p ishlashim kerakligini tushunib yetdim. Nasib qilsa, albatta katta chempionatlarda yurtimga oltin medalni sovg‘a qilaman”, - deya va’da berdi sportchi.
Shaxzod Ro‘zioxunov