TOShKENT, 15 avg — Sputnik. Sog‘liqni saqlash vazirligi vaksina olganlarga pul berilayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda vaksina olgan fuqarolarga 750 ming so‘m miqdorida pul mablag‘i berilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Vazirlikning rasmiy veb-sayti bilan bir xil dizaynda tayyorlangan sahifaning asosiy fonida vaksina olganlarga pul mablag‘i berilishi aytilgan.
“Hech qanday haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar takroran tarqatilmoqda. Endilikda ular internetda vazirlik nomidan maxsus sahifa ochib, aholini o‘z tuzog‘iga ilintirishga urinyapti”, deyiladi xabarda.
Vazirlik aholini internetdagi firibgarlardan ogoh bo‘lishga chaqirdi.
Ma’lumot uchun, vaksinatsiya jarayonlari bilan bog‘liq eng to‘g‘ri ma’lumotlarni Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy ssv.uz sayti hamda telegram’dagi sahifasi orqali olish mumkin.