Prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashuvi 22-avgust kuni bo‘lib o‘tadi

O‘tgan yili Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazishi yo‘lga qo‘yilgan edi. 20-avgust mamlakatda Tadbirkorlar kuni deb belgilangan.
Sputnik
TOShKENT, 15 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti 22-avgust kuni bo‘lib o‘tishi mo‘ljallangan. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
O‘tgan yili prezidentning mutlaqo yangi formatdagi uchrashuvi - tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazishi yo‘lga qo‘yilgan edi. Birinchi shunday uchrashuv o‘tgan kun - 20-avgust esa mamlakatda Tadbirkorlar kuni deb belgilandi.
“Joriy yilda ham davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan uchrashib, sohadagi muammo va vazifalarni tahlil qiladilar, biznes vakillarining taklif va tashabbuslari bilan tanishib, yangi yechimlarni ko‘rsatadilar, tadbirkorlik rivojiga xizmat qiladigan qarorlarni qabul qiladilar”, - dedi Asadov.
Ta’kidlanishicha, bo‘lajak uchrashuvga tadbirkorlardan respublika shtabiga qariyb 8,5 mingta murojaat kelib tushgan, ularning 72 foizi hal etilgan.