TOShKENT, 12 avg — Sputnik. O‘zbekiston metallurgiya kombinatida yiliga 1 mln tonna po‘lat listlar ishlab chiqaruvchi Quyuv prokat majmuasi ishga tushiriladi. Bu haqida Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi Bekobodda metallurgiya tarmog‘i xodimlari va tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qilindi.
Prezident O‘zbekiston metallurgiya kombinatidagi yangi loyihalar bilan tanishdi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Prezident Bekobodga tashrifi davomida qator ijtimoiy soha obyektlariga tashrif buyuradi va kombinatdagi Quyuv prokat majmuasining qurilish maydonini ko‘zdan kechirdi.
Qayd etilishicha, yangi ishga tushiriladigan ushbu majmua loyihasi 672 mln yevroni tashkil etadi.
Mazkur loyiha ishga tushgach, kombinat quvvatlari 2 baravarga oshadi.
Prezident O‘zbekiston metallurgiya kombinatidagi yangi loyihalar bilan tanishdi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Bugungi kunda majmua uchun temir yo‘l va avtomobil yo‘li qurilishi yakunlanib, temir-beton konstruksiyalari o‘rnatilmoqda. Italiyaning "Danieli" kompaniyasi tomonidan zarur uskunalar keltirilmoqda. Uni 2024-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.
"O‘z vaqtida bu kombinat uchun 800-900 ming tonna ikkilamchi qora metallni qayta ishlash yetarli edi. Lekin bugungi kunda iqtisodiyotimizda qora metallga bo‘lgan talab 4 million tonna. Uning ham 50 foizi import hisobidan qoplanmoqda. Shuning uchun bu korxonani tezroq ishga tushirsak, iqtisodiyotimizga katta manfaat beradi", deydi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari kombinatga tashrifi chog‘ida navli prokat majmuasini kirib ko‘rdi.
Ta’kidlanishicha, qariyb 5 mln dollarlik loyiha evaziga bu yerga xorijdan termo-mustahkamlash liniyasi keltirilib, joriy yil fevralda ishga tushirildi.
Prezident O‘zbekiston metallurgiya kombinatidagi yangi loyihalar bilan tanishdi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Bu orqali yiliga 500 ming tonna A500-A800 markali armatura ishlab chiqarish quvvati yaratildi.
Avvalo, termo-mustahkamlash jarayonida kimoviy moddalar tejalgani hisobiga armatura tannarxi kamaygan. Yiliga 300 million dollarlik import o‘rnini to‘ldirish hisob-kitob qilingan.
Bu armatura xalqaro DIN standarti sertifikatini qo‘lga kiritgan. Endi ushbu mahsulotni Yevropaga eksport qilish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston metallurgiya kombinati tarkibida o‘nlab korxonalar, ijtimoiy muassasalar bor. U yerda 11 ming xodim o‘z faoliyatini olib bormoqda. So‘nggi yillarda qator investitsiya loyihalari amalga oshirilib, yangi sexlar ishga tushirildi, borlari modernizatsiya qilindi.