TOShKENT, 12 avg — Sputnik. O‘zbekiston bo‘ylab profilaktika ishlari o‘tkazilishi sababli 18−25 avgust kunlari telekanallar efirlarida uzilishlar kuzatiladi.
Aholiga televidenie dasturlarini uzluksiz va sifatli tarqatilishini ta’minlash maqsadida “Radioaloqa, radioeshittirish va televidenie markazi”da profilaktika ishlari olib boriladi.
Unga ko‘ra, 18-avgust kuni Respublika miqyosida profilaktika ishlari olib boriladi.
19-25 avgust kunlari har bir hududda navbatma-navbat tungi soat 01:00 dan 10:00 gacha davlat, nodavlat va xorijiy telekanallarni uzatadigan raqamli teleuzatkichlarda jadval asosida profilaktika ishlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“Raqamli teledasturlarni shakllantirish qurilmalarida profilaktika o‘tkazilgan davrda 12 ta davlat telekanali sun’iy yo‘ldosh orqali qabul qilinib efirga beriladi. Qolgan telekanallar efiri vaqtincha to‘htatiladi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, korxonada texnik qurilmalar yillik rejalarda belgilangan muddatlarda profilaktik nazoratdan o‘tadi. Bu vaqtda abonent uskunasi (tuner va televizor) sozlamalarini o‘zgartirish tavsiya etilmaydi.