TOShKENT, 12 avg — Sputnik. O‘zbekiston bo‘yicha 11-12 avgust kunlari kechasi va ertalab nisbatan salqin, kunduz kunlari biroz issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Bugun va ertaga havo harorati kechalari 18...22 daraja, kunduz kunlari 32...37 daraja atrofida bo‘ladi. Cho‘l hududlarda ba’zi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlari bilan kuzatilishi mumkin.
Respublika hududiga yakshanba kunidan Turkmaniston hududlaridan biroz issiq havo kirib kelishi boshlanadi. O‘zbekiston bo‘yicha havo harorati asta-sekin ko‘tariladi va keyingi haftaning boshida kunduzgi harorat 37...39 darajaga yetadi.
Ushbu kunlarda O‘zbekiston hududi bo‘yicha asosan bulutsiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqat bugun kechqurun Namangan va Farg‘ona viloyatlarining ayrim tog‘li hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin va sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi ehtimoli bor.