O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 0,9 %ga kamaydi

Ishlashni xohlamaydigan yoki darhol ishga joylashishga imkoniyati yo‘qlar sonida 183,6 ming kishiga kamayish kuzatildi.
Sputnik
TOShKENT, 12 avg — Sputnik. O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 0,9 foizga kamaydi. Bu haqida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, yanvar-iyun oylarida ishsizlik darajasi 8,8 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,9 foizga kam. Bunday hulosaga respublikaning 108 ta shahar va tumanida o‘tkazilgan navbatdagi ijtimoiy so‘rov natijasida kelindi.
Tadqiqot jarayoniga quyidagilar qamrab olindi:
O‘zini-o‘zi boshqarish organi - 500 ta;
Uy xo‘jaligi - 5,0 ming ta;
Fuqaro - 26,5 ming nafar.
Mehnat resurslari soni 1-iyun holatida 19 453,3 ming kishini tashkil etgan. Bu ko‘rsatgich o‘tgan yilga nisbatan 153,7 ming kishiga oshgan.
Turli tarmoqlarda band bo‘lgan fuqarolarga oid ko‘rsatgichlar:
Iqtisodiyot tarmoqlar - 13 773,6 ming kishi ( + 261,3 ming);
Rasmiy sektor - 6 074,4 ming kishi (+ 240,6 ming);
Norasmiy sektor - 5 690,3 ming kishi (-507,5 ming).
Bunda asosan, norasmiy tarzda faoliyat ko‘rsatayotgan fuqarolarning o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi hamda bo‘sh turgan yerlarni ekin maydonlari sifatida dehqon xo‘jaliklarini tashkil qilish uchun ajratib berilishi hisobiga erishilgan.
Shuningdek, xorijga ishlash uchun ketganlar 2008,8 ming kishini tashkil etgan. Bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 528,2 ming kishiga oshgan.
O‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra ishga muhtoj bo‘lganlarning umumiy soni 1 326,6 ming kishini, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholi orasida 8,8 foizni tashkil etdi.
Ishsizlik darajasi:
16-30 yoshgacha bo‘lganlar orasida - 14,5 foiz;
Ayollar orasida - 12,8 foiz.
Qolaversa, respublikada iqtisodiy nofaol aholi 4 353,2 ming kishiga yetgan.
Bunda ishlashni xohlamaydigan yoki darhol ishga joylashishga imkoniyati yo‘qlar 183,6 ming kishiga kamaygan. Ishlab chiqarishdan ajralgan holda o‘qiyotgan talabalar hamda tug‘ruq ta’tilidagi ayollar soni esa 222,4 ming kishiga oshgan.