TOShKENT, 12 avg - Sputnik. Prezident taklifi bilan Vazirlar Mahkamasining 08.08.2022 yilgi 437-conli qaroriga muvofiq O‘zbekistonda yangi “Oqila ayollar” harakati tuzildi.
Mutaxassislar bu bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini Sputnik muxbiriga bildirib o‘tishdi.
“Oqila ayollar” harakati tom ma’noda mahallaning vijdoniga aylanishi kerak”, degan edi davlatimiz rahbari. Haqiqatan bu tuzilmada har taraflama odamlarga ibrat bo‘la oladigan ayollar jamlanadi”, - dedi Respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi Matbuot kotibi Nilufar Jumayeva.
Mazkur tuzilmaga davlat budjetidan pul ajratilmaydi, homiy tashkilotlar va xayriya mablag‘lari evaziga rag‘batlantiriladi.
Respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasidan farqli ravishda bu tuzilma mustaqil va jamoaviy bo‘ladi. Unda jamiyatdagi faol, ilmli, o‘z kasbi va ishining ustasi bo‘lgan mutaxassis ayollar birlashishadi.
“Oqila ayollar” harakati Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining bo‘limlarida doimiy asosda faoliyat yurituvchi yuridik shaxs bo‘lmagan jamoat tuzilmasidir.
“Bu harakat rasman tuzilib ishga tushgunicha biz hududlardan ibratli ayollarni to‘plab, targ‘ibot guruhlarini tashkil qilib, ishlarni boshlab yuborgandik. Endilikda, harakatning huquqiy asosini tasdiqlash bosqichida turibmiz”, dedi Respublika Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, tuzilmaning vazifasi jamiyatda ma’naviy makon bo‘lishga o‘z hissasini qo‘shadigan, yoshlarni tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsata oladigan ayollarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
“Bugun internet tarmoqlarida yosh qizlar va ayollar hayotidagi har qanday masalani, u quvonchli bo‘ladimi yoki qayg‘ulimi internetga olib chiqib ko‘z-ko‘z qilyapti, reklamaga berilib ketapti. Bu noto‘g‘ri. Ayol sirli bo‘lsagina sevimli bo‘ladi. “Oqila ayollar” harakati ana shunday sirli bo‘lishga o‘rgatadi”, dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bo‘lim boshlig‘i Farog‘at Xudoyqulova.
Bunda tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari tomonidan har bir mahallada 15 nafar faol va tashabbuskor ayollardan iborat Harakatning boshlang‘ich guruhlari tashkil etiladi.
Harakat va uning boshlang‘ich guruhlari tarkibiga kiritilgan faol va tashabbuskor ayollar muntazam ravishda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi.
Tuzilma, qoida tariqasida, Qo‘mitada – 50 nafar, tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalarida – 35-40 nafardan, tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlarida – 30 nafardan faol va tashabbuskor ayollar tarkibi asosida shakllantiriladi.
Ma’lumot uchun, Respublika Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi Prezidentning 2022-yil 1-martdagi "Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-81-sonli Farmoniga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, unga Zulayho Mahkamova rahbar etib tayinlangan va shu kungacha Qo‘mita rasman faoliyat yuritib keladi.