TOShKENT, 12 avg — Sputnik. O‘zbekistonda 2023-yil 1-yanvardan boshlab kripto-aktivlarni sotib olish, sotish yoki ayirboshlash bo‘yicha operatsiyalarni faqat milliy provayderlar orqali amalga oshiriladi. Bu haqida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, internet tarmog‘idagi axborot resurslarini monitoring qilish jarayonida O‘zbekiston fuqarolariga kripto-aktivlar bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi, mamlakat hududida xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan turli elektron platformalar faolligi oshib borayotgani aniqlangan.
Mazkur platformalar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda serverlarini o‘rnatilishini ko‘zda tutmagan holda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini so‘rab olishmoqda.
Shu bilan birga, ular kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish uchun hech qanday yuridik javobgarlikni o‘z zimmalariga olmaydilar, tranzaksiyalarning qonuniyligini, shuningdek, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini to‘g‘ri saqlanishi va maxfiyligini kafolatlay olmaydilar.
“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, xizmatlar provayderlari litsenziyasiga ega bo‘lmagan elektron platformalar (kripto-birjalar va elektron ayirboshlash maydonchalari)dan foydalanish belgilangan tartibda cheklandi”, deyiladi xabarda.
Agentlik fuqarolardan imkon qadar hushor bo‘lishlariga, litsenziyaga ega bo‘lmagan elektron platformalar xizmatlaridan foydalanmaslikka chaqirmoqda.
Xabarda shuningdek, kripto-aktivlar bilan bog‘liq savdolarini amalga oshirayotgan kompaniyalar haqida ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolardan tegishli ma’lumotlarni fraud@napm.uz elektron manziliga yuborish so‘ralgan.