Bug‘doy va makkajo‘xori ortilgan 2 ta kema Ukraina portlaridan chiqib ketdi

Bug‘doy ortilgan SORMOVSKY kemasi Chernomorsk portidan chiqib Tekirdog‘ga yo‘l oldi. STAR LAURA kemasi ham 60 ming tonna makkajo‘xori bilan Eronga yo‘l oldi.
Sputnik
TOShKENT, 12 avg — Sputnik. Oziq-ovqat bo‘yicha kelishuv doirasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘lgan ikkita quruq yuk kemasi Ukraina portlaridan chiqib ketdi. Bu haqda Turkiya Milliy mudofaa vazirligi xabar berdi.
“3050 tonna bug‘doy ortilgan Beliz bayrog‘i ostidagi SORMOVSKY kemasi Chernomorsk portidan chiqib Tekirdog‘ga yo‘l oldi. Marshall orollari bayrog‘i ostidagi STAR LAURA kemasi ham 60 ming tonna makkajo‘xori bilan Eronga yo‘l oldi”, deyiladi xabarda.
Ukraina Qora dengiz portlaridan oziq-ovqat olib ketayotgan barcha kemalar avval Bosfor bo‘g‘oziga boradi, u yerda ular muvofiqlashtirish markazi vakillari tomonidan tekshiriladi, so‘ngra yo‘nalish bo‘ylab davom etadi.
G‘alla tashish Rossiya, Ukraina, Turkiya va BMT vakillari 22-iyul kuni Istanbulda ikki paketli bitim imzolaganidan so‘ng mumkin bo‘ldi. Ulardan biri Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va o‘g‘itlarini eksport qilish bo‘yicha cheklovlarni olib tashlashni nazarda tutadi, ikkinchisi esa Ukraina nazoratidagi Qora dengiz portlaridan maxsus yaratilgan dengiz gumanitar yo‘laklari bo‘ylab tijorat kemalarining xavfsiz chiqishi algoritmini belgilaydi.
BMT bosh kotibi o‘rinbosari, Afrika iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Vera Songvening so‘zlariga ko‘ra, “oziq-ovqat kelishuvi”ning amalga oshirilishi 23 million tonna Ukraina g‘allasini jahon bozorlariga yetkazib berish imkonini beradi.