TOShKENT, 11 avg — Sputnik. Bugun, 11-avgustdan boshlab Toshkentdan Rossiyaning Nijniy Novgorod shahriga muntazam avtobus qatnovlari qayta tiklanadi. Bu haqda Tashtrans.uz xabar berdi.
Qayd etilishicha, avtobus Toshkent avtovokzalidan har payshanba kuni ertalab soat 06:00 da yo‘lga chiqadi. Chipta narxi 953 ming so‘m.
Yo‘nalish masofasi 3 ming km. Qatnovga sarflanadigan umumiy vaqt 40 soatni tashkil qiladi.
Yo‘lga chiqayotgan har bir avtobusga uchtadan haydovchi biriktirilgan. Har bir haydovchi tibbiy, avtobuslar esa texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi. Haydovchilar har to‘rt soatda almashtiriladi.
Pandemiya sabab vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgan Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi avtobus qatnovlari 18-iyuldan boshlab qayta yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda quyidagi yo‘nalish bo‘yicha qatnovlar amalga oshirilmoqda: Toshkent-Moskva - dushanba va payshanba kunlari; Toshkent-Qozon - seshanba va juma kunlari; Toshkent-Sankt-Peterburg - chorshanba va yakshanba; Toshkent-Omsk - seshanba va shanba; Toshkent-Novosibirsk - dushanba kuni.