TOShKENT, 11 avg — Sputnik. "Dori-Darmon" kompaniyasining 51 % aksiyalar paketini xususiylashtirish jarayonlari boshlandi. Bu haqida Davlat avktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.
Agentlik "Dori-Darmon" ustav kapitalidagi 51 foiz aksiyalar paketini xususiylashtirish bo‘yicha professional konsalting kompaniyasi tanlab olinishi yuzasidan tanlov e’lon qildi.
Talabgorlarning tijorat takliflari 27-avgust kuni soat 18:00 ga qadar qabul qilinadi.
Agar birgalikda qo‘shma tijorat taklifi taqdim etilsa, jalb qilingan sherik-konsultantning ham ishini muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan va javobgarlikni zimmasiga oladigan asosiy konsultant ko‘rsatilishi lozim.
Ma’lumot uchun, "Dori-Darmon" — O‘zbekistondagi rivojlanayotgan farmatsevtika bozoridagi yetakchi ulgurji va chakana savdo kompaniyasi hisoblanadi.
Jamiyatning hududiy bo‘linmalari mavjud bo‘lib, ular tarkibiga 7 ta aksiyadorlik jamiyati va 14 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat, jumladan, 17 ta omborxona, 15 ta tahlil laboratoriyasi kiradi.
O‘tgan yil yakuniga ko‘ra, kompaniya 402,1 mlrd so‘m sof tushum va 32,6 mlrd so‘m sof foyda olgan.