ShHTga a’zo davlatlar ishtirokida "avtosayyohat" va “off road” festivali o‘tkaziladi

Tadbirlar ShHT sammiti arafasida 10-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 10 avg — Sputnik. ShHT sammiti arafasida 10-20 avgust kunlari “ShHTga a’zo davlatlar poytaxtidan Samarqand shahriga harakatlanuvchi avtosayohat” loyihasi hamda XV xalqaro “off road” festivali o‘tkaziladi. Bu haqida “Dunyo” AA xabar berdi.
Aytilishicha, tadbirlarni o‘tkazish yuzasidan hukumatning tegishli qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, XV xalqaro “offroad” festivali 11-14 avgust kunlari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Amirsoy dam olish oromgohida bo‘lib o‘tadi. Tadbir Turizm va madaniy meros vazirligi hamda “Pokatushki klub Uzbekistan” klubi bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
Festival kunlari mamlakatning sayyohlik maskanlariga kirish bepul bo‘ladi. Tadbir ishtirokchilari uchun Samarqand bo‘ylab sayohat tashkil etiladi.
Bundan tashqari, festival doirasida turli madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar va sport musobaqalari o‘tkaziladi.
Festival dasturiga muvofiq, respublika bo‘ylab avtosayohat loyihasi ham amalga oshiriladi. Festivalda ShHTga a’zo davlatlardan havaskor avtosayyohlarning ishtirok etishi ham rejalashtirilgan.