ARMI-2022

ArMI - 2022: o‘zbekistonlik harbiy tibbiyot xodimlari Sankt-Peterburgga yetib borishdi

Ular Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg harbiy tibbiyot akademiyasiga joylashdi, o‘quv bazalari bilan tanishdi va akademiya o‘quv bazasida dastlabki mashg‘ulotlarni boshladi.
Sputnik
TOShKENT, 10 avg — Sputnik. O‘zbekistondan bir guruh harbiy tibbiyot xodimlari Xalqaro armiya o‘yinlarining (ArMI-2022) “Harbiy tibbiy estafeta” musobaqasida ishtirok etish uchun Sankt-Peterburgga yetib bordi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi xabar berdi.

“Harbiy tibbiy estafeta otradidagi yigit-qizlarimiz Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg harbiy tibbiyot akademiyasiga joylashdi, o‘quv bazalari bilan tanishdi va akademiya o‘quv bazasida dastlabki mashg‘ulotlarni boshladi”, - deyilgan xabarda.

O‘zbekiston harbiylari 2017-yildan buyon ArMI o‘yinlarida qatnashib keladi. Qolaversa, o‘tgan yili ular o‘yinlar doirasidagi barcha musobaqalarda qatnashishgan. Natijada ular faqat rossiyalik harbiylarga imkoniyatni boy berib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallagan.
Eslatib o‘tamiz, bu yil Xalqaro armiya o‘yinlari 13-27 avgust kunlari o‘n ikki davlat hududida bo‘lib o‘tadi. O‘zbekistonda besh yo‘nalish bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi.