TOShKENT, 9 avg — Sputnik. Ukraina zarbalaridan keyin shikastlangan elektr uzatish liniyalari tiklandi, hozirda Zaporojye AES normal ishlamoqda. Bu haqda viloyat ma’muriyati rahbari Yevgeniy Baliskiyga tayanib, RIA Novosti xabar berdi.
“Hozir elektr tarmoqlari tiklandi, shikastlangan podstansiya tiklandi. Bloklar xavfsiz holatda”, dedi Baliskiy.
Baliskiyning so‘zlariga ko‘ra, stansiyani himoya qilish uchun havo hujumidan mudofaa tizimlari kuchaytiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina Qurolli kuchlari hujumidan keyin Zaporojye AESning ikkita energoblogi to‘liq quvvat bilan ishlamagan. Avvalroq OAVda Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan stansiyaning doimiy o‘qqa tutilishi global texnogen falokatga olib kelishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.