TOShKENT, 9 avg — Sputnik. 4-avgust kuni “Ukrtransnafta” Rossiya neftini “Drujba” neft quvurlari tizimining janubiy tarmog‘i orqali Vengriya, Chexiya va Slovakiyaga haydashni to‘xtatdi. Bu haqda RIA Novosti agentligiga “Transneft” prezidenti maslahatchisi, matbuot kotibi Igor Demin ma’lum qildi.
“Haqiqatan ham, “Ukrtransnafta” 4-avgust kuni ertalab soat 6:10 da “Drujba”ning janubiy tarmog‘i bo‘ylab Vengriya, Chexiya va Slovakiyaga neft haydashni butunlay to‘xtatdi. Shu bilan birga, Belarus orqali Polsha va Germaniya yo‘nalishi bo‘yicha tranzit davom etmoqda”, deydi u.
Deminning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina kompaniyasi transport xizmatlarini 100 foiz oldindan to‘lov asosida taqdim etadi, biroq tranzit uchun to‘lovni amalga oshirishga oxirgi urinishda mablag‘lar “Transneft” hisobiga qaytarilgan.
“To‘lovlarga xizmat ko‘rsatuvchi “Gazprombank” bizga Yevropa Ittifoqi qoidalari, ya’ni sanksiyalarning yettinchi paketi joriy etilgani munosabati bilan to‘lov qaytarilgani haqida xabar berdi”, deya tushuntirdi kompaniya vakili.
Ta’kidlanishicha, Rossiya Energetika vazirligi hamda Vengriya, Chexiya va Slovakiyaga yoqilg‘i yetkazib beruvchi mahalliy yuk jo‘natuvchilar, shuningdek, “Ukrtransnafta”ning o‘zi mavjud vaziyatdan xabardor.
Shu bilan birga, “Transneft” Ukraina orqali tranzit uchun xizmatlarni to‘lashning muqobil variantlarini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Kompaniya “Ukrtransnafta” bilan kelishuv bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirishga Yevropa regulyatoridan ruxsat olish uchun “Gazprombank”ga murojaat yubordi.
“Drujba” neft quvuri Samara viloyatidan boshlanib, Bransk orqali o‘tadi hamda keyin shimoliy va janubiy uchastkalarga tarqalib, Belarus, Ukraina, Polsha, Germaniya, Chexiya, Slovakiya, Vengriya, Latviya va Litva hududidan o‘tadi. Ukraina uchastkasi “Ukrtransnafta”ga tegishli, tranzit uchun esa Rossiya to‘laydi.
Rossiyaning Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish bo‘yicha maxsus operatsiyasi boshlanganidan so‘ng G‘arb Moskvaga nisbatan sanksiya bosimini kuchaytirdi. Shunday qilib, Yevropa Ittifoqi allaqachon yettita cheklovchi chora-tadbirlar paketini, shu jumladan ko‘mir va neftga embargoni qabul qildi.
Vladimir Putinning fikricha, Rossiyani jilovlash va zaiflashtirish siyosati G‘arbning uzoq muddatli strategiyasi bo‘lib, sanksiyalar butun jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarba berdi. Shunga qaramay, prezidentning ishonchi komilki, hozirgi voqealar G‘arbning ham siyosatdagi, ham iqtisodiyotdagi global hukmronligi ostidan chiziq tortadi.