Maktablarda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik boshlandi - XTV

Xalq ta’limi vazirligi farzandini bir maktabdan boshqasiga o‘tkazishga qaror qilgan ota-onalardan imkon qadar bu ishni tezroq amalga oshirishini so‘ramoqda.
Sputnik
TOShKENT, 9 avg — Sputnik. Umumta’lim maktablari yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi. Bu haqida Xalq ta’limi vazirligi xabar berdi.
Yangi o‘quv yili boshlanishiga bir oydan kam muddat qoldi. Shu munosabat bilan, 1-sinf o‘quvchilarini “Prezident sovg‘asi” va o‘quvchilar soniga mos ravishda to‘liq darsliklar bilan ta’minlash ishlari olib boriladi.
Shuningdek, yangi qabul qilingan va maktabdan ketgan o‘quvchilar hisobini olgan holda sinflarni komplektlash, sinflar sonidan kelib chiqib o‘quv reja, dars soatlari taqsimoti (tarifikatsiya), o‘qituvchilar bilan ta’minlash ishlarini olib borish jarayonlari ham boshlanadi.
Shundan kelib chiqqan holda, vazirlik ma’lum bir sabablarga ko‘ra farzandini bir maktabdan boshqasiga o‘tkazishga qaror qilgan ota-onalardan imkon qadar bu ishni tezroq amalga oshirishini so‘ramoqda.
“Bu bilan xalq ta’limi tizimi mas’ullariga yakuniy hisob-kitobni qilib, zarur holatlarda darsliklarni qayta taqsimotini o‘z vaqtida amalga oshirishga yordam bergan bo‘lasiz”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, ota-onalarning va keng jamoatchilikning fikr-mulohazalari, takliflari asosida yagona maktab formasi talabi yangi o‘quv yilidan tatbiq etilmaydi.