TOShKENT, 9 avg — Sputnik. Kasb-hunar maktablariga hujjatlar qabul muddati uzaytirildi. Bu haqida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabar berdi.
Aytilishicha, hujjatlarni qabul qilish muddati 15-avgustga qadar uzaytirildi.
“Bitiruvchi yoshlarning kasb-hunar egallashga bo‘lgan qiziqishini inobatga olib, ularga bu borada kerakli shart-sharoit yaratish maqsadida qabul muddati uzaytirildi”, deyiladi xabarda.
Hujjatlar kasb.edu.uz elektron platformasi orqali qabul qilinadi.
Platformaga kiritiladigan hujjatlar:
tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma yoki ID karta ma’lumotlari;
3x4 hajmidagi fotosurat.
Ma’lumot uchun, 2022/2023-o‘quv yili uchun 330 ta kasb-hunar maktabiga jami 78 ming 490 ta qabul parametrlari tasdiqlangan.
Shundan, 75 470 ta o‘zbek, 930 ta rus va 2090 ta qoraqalpoq tili guruhlari uchun belgilandi.
Kasb-hunar maktablarida o‘qish to‘liq davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, kasb-hunar maktablariga hujjatlar qabuli 1-iyuldan boshlangan.