Ijtimoiy soliq stavkasi kamaytirilishi natijasida qancha yangi ish o‘rinlari yaratildi

Eng ko‘p ish o‘rni chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 9 avg — Sputnik. Kamaytirilgan ijtimoiy soliq stavkasini qo‘llash natijasida xizmat ko‘rsatish sohasida 7 mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi. Bu haqida Davlat soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Aytilishicha, shu yilning aprel-iyun oylarida 15,4 mingta tashkilot ixtiyorida qariyb 70,1 mlrd so‘m mablag‘ saqlanib qolingan hamda 7,3 mingta qo‘shimcha ish o‘rni yaratilgan.
Sohalar kesimida yaratilgan qo‘shimcha ish o‘rinlari:
Chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohasi - 4 754 ta;
Avtotransportda yo‘lovchi va yuk tashishda - 1 271 ta;
Mehmonxona (joylashtirish) xizmatlari sohasida - 752 ta.
Ma’lumot uchun, shu yilning aprel oyidan 2025-yilgacha bir qator tadbirkorlik subyektlari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 % etib belgilangan.
Mazkur stavka ko‘rsatilgan faoliyat turlaridan olingan daromad joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 60 %ini tashkil etsa, qo‘llaniladi.