Chilonzorda shikastlangan daraxtlarni saqlab qolish ehtimoli kam - ekologiya qo‘mitasi

Chilonzor ko‘chasi yo‘lini rekonstruksiya qilish jarayonida jami 101 tup daraxt shikastlandi – tafsilotlar.
Sputnik
TOShKENT, 9 avg — Sputnik. Toshkent shahar Chilonzor tumanida shikastlangan daraxtlarni saqlab qolish ehtimoli past. Bu haqida Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot kotibi Bunyod Abdullayev Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Chilonzor tumanida daraxtlar shikastlanishi yuzasidan xabarlar tarqaldi. Davlat ekologiya qo‘mitasi xodimlari voqea joyiga chiqib dastlabki o‘rganish ishlarini amalga oshirishdi.
Aniqlanishicha, Chilonzor tumani, 1-mavze, Chilonzor ko‘chasi yo‘lini rekonstruksiya qilish jarayonida umumiy rejalashtirilgan 1,4 km yo‘l ta’mirlash loyihasining 300 metr qismida eski irrigatsiya tarmoqlar (lotoklar) olib tashlanib, yo‘lni kengaytirish va sathini 1 metrgacha pasaytirish ishlari amalga oshirilgan.
Chilonzor ko‘chasida yo‘l kengaytirilishi sabab daraxtlarga zarar yetkazilgani aniqlandi
Olib borilgan nazorat ishlari natijasida quyidagilar aniqlandi:
Jami 101 tup daraxt, shu jumladan, 92 tup eman, 1 tup chinor, 5 tup tut, 2 tup archa va 1 tup mevali behi daraxtlarining ildiz qismi shikastlangan.
Diametri 45 - 98 smgacha bo‘lgan 7 tup eman daraxtlari, jami 9 tup eman daraxtlarining ildiz qismiga jiddiy shikast yetkazilgan.
Qolgan 90 dan ortiq daraxtlar esa o‘sishdan to‘xtamaydigan darajada shikastlangan.

“Fanlar Akademiyasi Botanika instituti mutaxassislari tavsiyasiga ko‘ra, ildiz qismiga jiddiy shikast yetkazilgan daraxtlarni saqlab qolishda qator agrotexnik tadbirlar amalga oshirildi. Hozirda daraxtlar maxsus o‘g‘itlar bilan qo‘shimcha parvarish qilinmoqda. Daraxtlarning shikastlangan qismi o‘rab qo‘yilgan. Lekin, ularni saqlab qolish ehtimoli past”, - deydi Abdullayev.

“Toshkent botanika bog‘i” ilmiy xodimi tavsiyasiga binoan, ildiz qismiga jiddiy shikast yetkazilgan 9 tup eman daraxtlarini saqlab qolish qator agrotexnik tadbirlarni talab etadi.
Chilonzor ko‘chasida yo‘l kengaytirilishi sabab daraxtlarga zarar yetkazilgani aniqlandi
Daraxtlarni ildiz tizimi jiddiy shikastlantirilganligi natijasida o‘simlik dunyosiga 420 mln 450 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Aniqlanishicha, mazkur yo‘l qurilish-ta’mirlash obyekti bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat ekologik ekspertiza xulosasi olinmagan. Mazkur holat yuzasidan barcha hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etildi.
Ma’lumot uchun, amaldagi qonunchilik talablariga ko‘ra, qurilish loyihalarni amalga oshirishdan oldin ekologik meyoriy loyiha hujjatlari ishlab chiqilishi hamda majburiy tartibda Davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilishi belgilangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, daraxtlarning nobud qilinishi ortidan O‘zbekiston prezidenti topshirig‘i bilan Toshkent shahar Chilonzor tumani hokimi va prokurori lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga hamda prokurori Ulug‘bek Qosimovga qattiq hayfsan berildi.
Hozirda Toshkent shahrida ekologik reyd tadbirlari ham boshlandi. Ekologik nazorat reyd tadbirlarini samarali bir tarzda o‘tkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan.