ShHT-2022: Samarqand sammiti

ShHT a’zolari O‘zbekistondagi islohotlarni ijobiy baholadi

ShHT Bosh kotibi Chjan Min O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni, "Yangi O‘zbekiston" barpo etish yo‘lidagi izchil qadamlarni yuksak baholadi.
Sputnik
TOShKENT, 8 avg — Sputnik. Shanxay hamkorlik tashkilotining Pekindagi bosh qarorgohida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilotga a’zi davlatlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni muhokama qildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Forum ochilishida ShHT Bosh kotibi Chjan Min O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni, "Yangi O‘zbekiston" barpo etish yo‘lidagi izchil qadamlarni yuksak baholadi.
“Bugun O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining muhim bosqichini amalga oshirmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida respublikada keng ko‘lamli islohotlar dasturi davom etmoqda. O‘zbekistonga tashriflarim chog‘ida mamlakatdagi ulkan o‘zgarishlarning guvohi bo‘ldim”, - deydi u.
Qayd etilishicha, davra suhbatida ShHT Kotibiyati rahbariyati, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi mas’ullari, ShHTga a’zo davlatlar elchilari va diplomatlari, Xitoy ekspert-tahlil doiralari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan.
O‘zbekiston nomidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov va "Taraqqiyot strategiyasi" markazi direktori Eldor Tulyakov onlayn tarzda so‘zga chiqqan.
Bundan tashqari, davra suhbatida ShHTga a’zo davlatlarning elchilari so‘zga chiqqan va ular ham O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonini, Toshkentning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi faol harakatlarini yuqori baholagan.
Eslatib o‘tamiz, 2021-2022 yillarda O‘zbekiston ShHTga raislik qilmoqda. Tashkilotning navbatdagi sammiti 15-16 sentabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
Ayni paytda 2001-yilda tashkil etilgan ShHTga O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Xitoy, Hindiston va Pokiston kiradi. Ayni damda Eron tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lishga tayyorlanmoqda. Avvalroq Belarus tashkilotga a’zo bo‘lish uchun ariza bergandi. Afg‘oniston va Mo‘g‘uliston - kuzatuvchi-davlatlar hisoblanadi.