TOShKENT, 8 avg — Sputnik. Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro Bogotadagi Bolivar maydonida o‘tkazilgan tantanali marosimda qasamod qildi va o‘z lavozimiga kirishdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
“Xudoga qasamod qilaman va xalqqa Kolumbiya konstitutsiyasi hamda qonunlariga sodiqlik bilan amal qilishga va’da beraman", dedi “Tarixiy pakt Kolumbiya” chap qanot koalitsiyasi rahbari Gustavo Petro.
Prezidentdan keyin mamlakat vitse-prezidenti, 40 yoshli Fransiya Markes qasamod qildi.
Eslatib o‘tamiz, 19-iyun kuni Kolumbiyada prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda “Tarixiy pakt Kolumbiya” chap qanot koalitsiyasidan nomzod Gustavo Petro g‘alaba qozondi. Saylov bulletenlarining 99,95 foizi tezkor hisoblab chiqilganidan so‘ng olingan ma’lumotlarga ko‘ra, saylovchilarning 50,45 foizi Gustavo Petroga ovoz bergan.
Petro prezidentlik davrida amalga oshirishni rejalashtirgan siyosiy qarorlar orasida quyidagilar bor:
Kolumbiyada slanesli uglevodorodlar qazib olishdan voz kechish;
toza energiyadan foydalanadigan fermer xo‘jaliklarining yukini yengillashtirish uchun soliq islohoti;
oziq-ovqat importiga qaramlikni kamaytirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash;
ta’limga sarflanadigan xarajatlarni oshirish;
barcha darajalarda va barcha sohalarda gender tengligini ta’minlash;
davlat tomonidan nodavlat pensiya jamg‘armalarining pul mablag‘laridan foydalanish va boshqalar.
Aholining eng kambag‘al qatlamlarining umidlari Petroning prezidentlik muddati bilan bog‘liq – saylovoldi kampaniyasida Petro birinchi navbatda ularga e’tibor berishini, qashshoqlik muammosini hal qilish hamdasoliq yukini badavlat aholiga qayta taqsimlashni va’da qilgan.