TOShKENT, 8 avg — Sputnik. Shu yilning sentabr oyida Alibaba.com platformasida O‘zbekistonning milliy onlayn savdo maydoni ishga tushadi. Bu haqida “Dunyo”AA xabar berdi.
Qayd etilishicha, elektron tijoratni rivojlantirish maqsadida O‘zbekistonning Shanxaydagi Bosh konsulligi tashabbusi bilan “Alibaba.com onlayn platformasida O‘zbekiston tovarlarini targ‘ib qilish” mavzusida onlayn taqdimot bo‘lib o‘tdi.
Xitoy kompaniyasi xodimlari O‘zbekiston tadbirkorlari uchun platformaning imkoniyatlari, savdo shartnomalari, hamkorlik istiqbollari haqida taqdimot o‘tkazdi.
Qolaversa, O‘zbekiston milliy onlayn-paviloniga ulanish jarayoni haqidagi tafsilotlar ham ma’lum qilindi.
Ma’lumot uchun, Alibaba.com dunyodagi eng yirik B2B savdo platformalaridan biri bo‘lib, u dunyoning 190 ta davlatida faoliyat yuritadi.