Shaxmat olimpiadasi: O‘zbekiston Armanistonni mag‘lub etib, turnir jadvalida 1-o‘ringa chiqdi

O‘zbekiston shaxmat olimpiadasining to‘qqizinchi turida ilgari mag‘lubiyatga uchramagan Armanistondan ustun keldi. 16 ochko to‘plagan o‘zbekistonlik shaxmatchilar turnir jadvalida peshqadam bo‘lishdi.
Sputnik
TOShKENT, 7 avg — Sputnik. O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Chennay (Hindiston) shahrida o‘tkazilayotgan qirq to‘rtinchi Jahon shaxmat olimpiadasining 9-turida Armaniston ustidan zafar quchdi.
7 avgust kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuv 3:1 hisobida o‘zbekistonlik shaxmatchilar foydasiga hal bo‘ldi. Armaniston terma jamoasining o‘rtacha reytingi (2637) O‘zbekiston jamoasidan (2606) biroz yuqoriroq edi va raqib jamoa avval turnirda mag‘lub bo‘lmagandi.
9-raundning ilk g‘alabasini Javohir Sindarov (2629) Samvel Ter-Saakan (2625) ustidan boshlab bergan bo‘lsa, Nodirbek Yoqubboyev (2620) va Nodirbek Abdusattorov (2688) Grant Melkuman (2634) va Gabriel Sargisan (2698) bilan durang o‘ynashdi.
Oxirgi ochkoni Jahongir Vohidov (2564) Robert Ovannisanga (2591) qarshi o‘yinda qo‘lga kiritdi.
To‘qqiz tur yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston 16 ochko bilan 188 ta jamoa ishtirok etayotgan turnir jadvalida peshqadamga aylandi. Hindiston-2 jamoasi Ozarbayjon bilan durang o‘ynadi (2:2) va 15 ochko bilan ikkinchi o‘rinda qoldi.
O‘zbekiston ayollar terma jamoasi (2094) esa Isroilga (2247) 1,5:2,5 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Olimpiadaning 10-turida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Hindiston (IND2) terma jamoasiga qarshi bahs olib boradi.