TOShKENT, 7 avg — Sputnik. G‘arb mamlakatlari Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik chuqurlashib borayotganidan xavotirda. Bu haqda “Financial Times” gazetasi o‘z manbalariga tayangan holda xabar bermoqda.
Nashr xabariga ko‘ra, G‘arb xavotirining kuchayishiga Rossiya va Turkiya prezidentlari Vladimir Putin va Rajab Tayyip Erdog‘anning 5-avgust kuni Sochidagi uchrashuvdan keyin bergan bayonoti sabab bo‘lgan. Yetakchilar savdo va energetika sohalarida hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini ma’lum qilgandi.
Yevropalik amaldorlardan biri aytishicha, Yevroittifoq Moskva va Anqaraning hamkorligini "tobora ko‘proq e’tibor bilan" kuzatmoqda. Uning fikricha, Turkiya Rossiya bilan savdo uchun maydonga aylanib bormoqda.
Yana bir amaldor Anqaraning Moskvaga nisbatan xatti-harakatlarini "juda opportunistik" (o‘z manfaatlaridan kelib chiqib, xudbinlik va prinsipsizlik bilan vaziyatdan foydalanish) deb atadi.
"Biz turklarning e’tiborini o‘z xavotirlarimizga qaratishga urinmoqdamiz", — degan u.
Gazetaning ta’kidlashicha, Vashington Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berayotgan mamlakatlarni “ikkilamchi sanksiyalarga duch kilishlaridan” bir necha marta ogohlantirgan. YeI bu masalada bosiqroq, deyiladi maqolada.
Uch nafar yevropalik amaldor Brusselda Turkiyaga qarshi ehtimoliy sanksiyalar hozircha muhokama qilinmaganini ta’kidlashgan.