O‘zbekistonlik yosh yengil atletikachi Jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi

Yengil atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi (U20) Jahon chempionatida qatnashgan Sharifa Davronovaning natijasi mavsumning eng yaxshi ko‘rsatkichi bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 7 avg — Sputnik. 15 yoshli o‘zbekistonlik sportchi Sharifa Davronova Kali shahrida (Kolumbiya) bo‘lib o‘tayotgan yengil atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi (U20) Jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uch hatlab sakrash dasturida ishtirok etgan Davronova 14.02 metr natija qayd etdi va raqibalaridan ustun keldi. O‘zbekistonlik yengil atletikachi eng yaqin ta’qibchisini 66 sm ga ortda qoldirishga erishgan.
Shuningdek, uning natijasi U20 tasnifida mavsumning eng yaxshi ko‘rsatkichi bo‘lgan.