O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaraoldi hududlarida savdo-logistika markazlari tashkil etiladi

Toshkentda O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaraoldi hududlarda savdo-logistika markazlari tashkil etish loyihalari ko‘rib chiqildi.
Sputnik
TOShKENT, 7 avg — Sputnik. O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaraoldi hududlarda savdo-logistika markazlari tashkil etiladi. O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi raisi Aziz Aaliyev bunday markazlarni tashkil etish bo‘yicha loyihalarni muhokama qilishdi.
Toshkentda uchrashuvda jamg‘arma Kengashiga ko‘rib chiqish uchun taklif etilayotgan loyihalar, jumladan, ularning iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyati, rentabelligi va amalga oshirish muddatlarini hisobga olgan holda o‘rganilgan.
“Xususan, transport infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, chegaraoldi hududlarda savdo-logistika markazlarini tashkil etish bo‘yicha loyihalar ko‘rib chiqildi”, - deyiladi O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabarida.
Qisqa vaqt ichida loyihalarni amalga oshirishni boshlash uchun Jamg‘armaning investitsiyaviy portfelini shakllantirish va zarur hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha ishlarni faollashtirish vazifasi qo‘yildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar yaqin kelajakda Jamg‘arma Kengashining yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib oldilar. Unda tashkilotning operatsion va investitsiya faoliyati bilan bog‘liq bir qator hujjatlarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash rejalashtirilgan.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi 2021-yil 14-aprelda o‘z ishini boshlagan. Jamg‘arma faoliyatining ustuvor vazifasi ahamiyatli tarmoqlarda istiqbolli va yuqori rentabelli qo‘shma investitsiya loyihalarini moliyalashtirish orqali ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdir.