O‘zbekiston “Osiyo bolalari” o‘yinlarida umumjamoa hisobida ikkinchi bo‘ldi

Yosh o‘zbekistonlik sportchilar o‘yinlar davomida jami 114 ta medal jamg‘arishga erishishdi, shulardan 41 tasi “oltin”.
Sputnik
TOShKENT, 7 avg — Sputnik. O‘zbekiston “Osiyo bolalari” o‘yinlarida umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Vladivostokda bo‘lib o‘tgan musobaqalar bugun o‘z yakuniga yetdi. So‘nggi bellashuvlar badminton bo‘yicha bo‘lib o‘tdi.
Sayfiddin Muxtorov va Suhrob G‘aybullayev juftlik bahslarida “kumush”ga ega chiqishdi. Sayfiddin Muxtorov (yakkalik), Sitora Mahmudova va Gulxadicha Seytjanova (juftlik), Sitora Mahmudova va Sayfiddin Muxtorovlar (mikst) esa O‘zbekiston jamoasiga “bronza” keltirishdi.
Shu tariqa, matonatli yosh o‘zbekistonlik sportchilar o‘yinlarda 41 ta oltin, 28 ta kumush va 45 ta bronza, jami 114 ta medal jamg‘arishdi.
Musobaqalar yakuniga ko‘ra Sibir okrugi birinchi (119 ta medal), O‘zbekiston ikkinchi (114 ta) va Moskva esa (110 ta) uchinchi pog‘onada qayd etildi.