Oilaviy bog‘cha xodimlariga budjetdan subsidiya elektron tizim orqali hisoblanadi

2022 yil 1-sentabrdan davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritayotgan bog‘chalarda budjetdan subsidiyalar xodimlarning ishga kelib-ketishi hamda tarbiyalanuvchilarning davomatidan kelib chiqib, avtomatik hisoblab chiqiladi.
Sputnik
TOShKENT, 7 avg — Sputnik. Hukumatning “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq 2022-yil 1-sentabrdan davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritayotgan bog‘chalarda, oilaviy bog‘chalarda:
budjetdan subsidiyalar xodimlarning ishga kelib-ketishi hamda tarbiyalanuvchilarning davomatidan kelib chiqib nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish axborot tizimida avtomatik hisoblab chiqiladi;
xodimlarning ishga kelib-ketishini hisobga olish hamda tarbiyalanuvchilarning davomatini yuritish mobil ilova yordamida shaxsni biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasi orqali amalga oshiriladi;
hisobot oyida tarbiyalanuvchilarning oylik davomati ro‘yxatga olingan tarbiyalanuvchilarga nisbatan 40 foizdan kam bo‘lganda, ushbu oy uchun budjetdan ish haqi to‘lanmaydi.
Qaror bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi nizomlar tasdiqlandi:
- davlat-xususiy sheriklik asosidagi bog‘chalarni tashkil etish uchun banklarga pul joylashtirish tartibi;
- nodavlat bog‘chalarga budjetdan subsidiyalar va kompensatsiyalar to‘lash tartibi;
- oilaviy bog‘chalar to‘g‘risida;
- kechki smenada xotin-qizlar ishlaydigan tashkilotlardagi bog‘chalar tarbiyachilarining ish haqini qoplash uchun budjetdan kompensatsiya ajratish tartibi;
- nodavlat bog‘chalarni boshqarish axborot tizimi va “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi o‘rtasida o‘zaro almashiladigan ma’lumotlar ro‘yxati.