Kubadagi neft bazasida yirik yong‘in yuzaga keldi – video

Chaqmoq Kubadagi neft omborida yirik yong‘in sodir bo‘lishiga sabab bo‘lgan.
Sputnik
TOShKENT, 7 avg — Sputnik. Kubaning Matanzas provinsiyasidagi neft omborida chaqmoq urishi sababli yirik yong‘in yuzaga keldi. Bu haqda RIA Novosti “Granma” gazetasiga tayangan holda xabar bermoqda.
Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in 5-avgust kuni kechqurun boshlangan. Neft omborida 25 ming kubometr neft bo‘lgani aytilmoqda.
Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel Bermudes favqulodda holatni bartaraf etishda o‘z yordamini taklif qilgan mamlakatlarga, jumladan, Rossiyaga minnatdorchilik bildirgan.
O‘t o‘chiruvchilar yong‘inni o‘chirishga urinishmoqda, biroq hozircha buning uddasidan chiqa olishmayapti. Olov qo‘shni omborga o‘tgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida kamida 121 kishi jabrlangan, bir kishi halok bo‘lgan. 17 kishi esa bedarak yo‘qolgan.
Favqulodda vaziyatni bartaraf etish ishlari davom ettirilmoqda.