TOShKENT, 5 avg — Sputnik. 2022 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston xorijga qiymati 16,4 mln $ga teng bo‘lgan 67,8 ming tonna qovun va tarvuz eksport qilgan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Statqo‘mga ko‘ra, bu yil mamlakatda yetishtirilgan qovun va tarvuzlar 12 ta xorijiy davlat bozorlariga yetkazib berilgan bo‘lib, eksport hajmi 2021-yilning mos davri bilan solishtirilganda 45 ming tonnaga oshgan.
Dastlabki olti oyda O‘zbekiston eng ko‘p qovun va tarvuzni Qozog‘iston (39,2 ming tonna), Rossiya (15,1 ming tonna) va Qirg‘izistonga (11,1 ming tonna) eksport qilgan.
Belarus (1,1 ming tonna), Tojikiston (624 tonna), Latviya (448 tonna) hamda Mongoliya (157 tonna) ham o‘zbek qovun-tarvuzlarini xarid qilgan.
Ukraina (43 tonna) va Polsha (19,4 tonna) kamroq bo‘lsa ham O‘zbekistondan qovun-tarvuz sotib olgan.
Avvalroq, O‘zbekiston o‘riklarini eng ko‘p Rossiya (3,7 ming tonna) xarid qilgani haqida xabar berilgandi.