Erdog‘an Putin bilan uchrashish uchun Sochiga keldi

Erdog‘an bir kunlik dastur doirasida rossiyalik hamkasbi bilan o‘tkazadigan uchrashuvlarda dolzarb global va mintaqaviy muammolar, shuningdek, Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar yuzasidan fikr almashadi.
Sputnik
TOShKENT, 5 avg — Sputnik. Turkiya prezidenti Rajab Tayyip Erdog‘an Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazish uchun Sochiga uchib keldi, unga hamrohlik qilayotgan delegatsiya tarkibida milliy razvedka rahbari Hoqon Fidan ham bor. Bu haqda “Anadolu” xabar bermoqda.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin allaqachon Sochida bo‘lib, u yerda turkiyalik hamkasbi Rajab Tayyip Erdog‘an bilan muzokaralar o‘tkazadi.
Ta’kidlanishicha, prezidentga tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li, Mudofaa vaziri Hulusi Akar, Energetika va tabiiy resurslar vaziri Fotih Donmez, Moliya vaziri Nureddin Nebati, Savdo vaziri Mehmet Mush, Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Vahit Kirishchi va prezident ma’muriyatining a’zolari hamrohlik qilmoqda.
“Prezident Erdog‘an bir kunlik dastur doirasida rossiyalik hamkasbi bilan o‘tkazadigan uchrashuvlarda dolzarb global va mintaqaviy muammolar, shuningdek, Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar yuzasidan fikr almashadi”, deyiladi agentlik xabarida.