TOShKENT, 4 avg — Sputnik. O‘zbekistonda yil yakunigacha ishga qabul qilishning ochiq tanlov tizimini barcha davlat idoralarida joriy etiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat xizmatini isloh qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida mas’ullarga tegishli topshiriq berdi.
Qayd etilishicha, mas’ul lavozimlarda o‘tirgan rahbarlarni tanlash, tayyorlash va motivatsiya berish yo‘lga qo‘yilmagani ijrodagi oqsoqliklarning asosiy sabablaridan biri bo‘lmoqda.
Shu bois, mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, so‘nggi 2-yil davomida chuqur muhokamalar asosida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun tayyorlandi.
Yig‘ilishda bu qonun bilan belgilanayotgan yangi tizimning har bir idora va hudud kesimida qanday ishlashi, bu borada turgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Birinchi yo‘nalish – davlat idoralariga ishga qabul qilishning ochiq-oshkora tizimi joriy etiladi.
Shu munosabat bilan yil yakunigacha:
barcha vakant lavozimlar ochiq yagona elektron platformaga joylashtiriladi;
bo‘sh lavozimga tanlovda ishtirok etish uchun hozirgi kunda talab etilayotgan 16 ta hujjat so‘ralmaydi, barcha jarayonlar elektron shaklga o‘tkaziladi;
ochiq tanlov orqali nomzodning bilimi, tajribasi va salohiyati aniqlanadi.
Bu tajriba tariqasida Samarqand viloyati va Davlat soliq qo‘mitasida sinovdan o‘tkazilgan.
Samarqand viloyati hokimi va DSQ raisi yangi tizim orqali qanday natijalarga erishgani haqida axborot berdi.
Ularning hisobotini tinglab, davlat rahbari yil yakunigacha ishga qabul qilishning ochiq tanlov tizimini barcha idoralarda joriy qilish topshirig‘ini berdi.
Buning uchun, ikki oy muddatda oliygohlar diplomlari va mehnat daftarchalarini mavjud elektron bazaga to‘liq kiritib, uni Tanlov elektron platformasiga integratsiya qilish vazifasi qo‘yildi. Yil yakuniga qadar 4 mingta bo‘sh lavozimga tanlov o‘tkazish topshirildi.
“Har bir vazirlik va hokimlik kadrlar tanlashni oliygohlardan boshlashi zarur”, - dedi prezident.
Bu tajribani tizimli yo‘lga qo‘yish uchun har bir vazir va viloyat hokimi bir oy muddatda Yosh mutaxassislarni tanlash dasturini e’lon qiladi.
Dastur doirasida oliygohlarning bitiruvchi kurslarida o‘qiyotgan qobiliyatli yoshlar saralanib, vazirlik va hokimlik tizimida stajirovka o‘taydi va o‘qishni tamomlagach, tanlov asosida ishga qabul qilinadi.
Bunda, nafaqat mamlakat oliygoh talabalari, balki nufuzli xorijiy oliygohlarda o‘qiyotgan yoshlar ham qamrab olinadi.