TOShKENT, 4 avg — Sputnik. Diyora Keldiyorova Qozog‘istonda bo‘lib o‘tayotgan dzudo bo‘yicha Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar bermoqda.
-52 kg vazn toifasida Diyora Keldiyorova barcha raqibalaridan ustun keldi. Finalda u amaldagi jahon chempioni yaponiyalik Ai Shishimeni 1 daqiqadayoq mag‘lubiyatga uchratib, ikkinchi bor Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, Muhriddin Tilovov (-66 kg) va Nilufar Ermagambetova ( -57 kg) bronza medaliga sazovor bo‘lishdi.
Qozog‘istonning Nur-Sulton shahrida dzudo bo‘yicha katta o‘rtasida Osiyo chempionati bahslari bo‘lib o‘tmoqda. U 7-avgustga qadar davom etadi. Musobaqada qit’aning 19 ta davlatidan 178 nafar sportchi g‘oliblik uchun kurash olib borishmoqda. O‘zbekiston sharafini 17 nafar dzudochi himoya qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Diyora Keldiyorova 2019-yilda ham Osiyo chempioni unvoniga sazovor bo‘lgan edi.