TOShKENT, 4 avg — Sputnik. AQSh Senati Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish protokollarini ratifikatsiya qilish uchun ovoz berdi. Bu haqda RIA Novosti yozmoqda.
95 senator rezolyutsiyani yoqlab (zarur bo‘lgan chegara 67 nafar senator), faqat bittasi qarshi ovoz berdi. AQSh parlamentlari Finlyandiya va Shvetsiyaning ittifoqqa qo‘shilishi haqidagi hujjatlarni ratifikatsiya qilgan 20 dan ortiq mamlakatlardan biriga aylandi.
AQSh prezidenti Jo Bayden endi bu davlatlarning NATOga kirishi haqidagi tegishli farmonni imzolashi kerak. U “protokollarni imzolashni intiqlik bilan kutayotganini” aytgan.
“Qo‘shma Shtatlar Shvetsiya va Finlyandiya xavfsizligiga sodiq qoladi. Biz birgalikdagi xavfsizligimiz uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday tahdidlarga qarshi birgalikda hushor bo‘lishda davom etamiz”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Ma’lumot uchun, iyun oyi oxirida Madridda bo‘lib o‘tgan Shimoliy Atlantika alyansi sammiti oldidan Stokgolm, Xelsinki va Anqara Shvetsiya va Finlyandiyaning ittifoqqa qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralar boshlanishini ta’minlovchi xavfsizlik memorandumini imzoladi.
Ular terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirish, jumladan, Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasiga (PKK) qarshi choralar ko‘rish, ma’lumot almashish va ekstraditsiya bo‘yicha kelishuvga kelishib oldi. Anqara avvalroq Stokgolm va Xelsinkining PKKni qo‘llab-quvvatlashidan qo‘rqib, a’zolik jarayoni boshlanishini to‘xtatib turdi.
Shu bilan birga, Moskva ittifoqning maqsadi qarama-qarshilik ekanini bir necha bor ta’kidlagan. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, blokning yanada kengayishi Yevropa uchun katta xavfsizlikni va’da qilmaydi.